KUTUBXONA NIZOMI

TOSHKENT DAVLAT TRANSPORT UNIVERSITETI AXBOROT – RESURS MARKAZINING NIZOMI

1.Umumiy qoidalar

1.1. Axborot–resurs markazi (ARM) O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti tomonidan 2006 yil 20 iyunda qabul qilingan «Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risidagi» gi qarori asosida ta’lim muassasasi huzurida tashkil etildi.
1.2. ARM universitetning tarkibiy bo‘linmasi sifatida universitet rahbariyatiga bo‘ysunadi va mablag‘ bilan ta’minlanadi.
1.3. ARM o‘z ish faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, ta’lim muassasalari boshqaruv organlarining qarorlari, buyruqlari va boshqa me’yoriy–huquqiy hujjatlariga, rektoratning buyruq va topshiriqlariga, ichki tartib qoidalari hamda ushbu Nizomga amal qiladi.
1.5. ARM o‘z faoliyati bilan universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar va xodimlarning ARM fondi va elektron resurslaridan erkin foydalanish huquqini ta’minlaydi.
1.6. ARMdan foydalanish qoidalarida Axborot resurslari va kutubxona fondidan foydalanish tartibi, asosiy xizmat turlari ro‘yxati, axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish qoidalari, ARMning vazifalari, funksilari, majburiyatlari, foydalanuvchilarning burch va huquqlari belgilab beriladi.
1.7. ARMga umumiy rahbarlik qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
1.8. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi–barcha idoralar, muassasalar tasarrufidagi kutubxonalar uchun respublika metodik markazi sifatida Idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi hisoblanadi va ish olib boradi.

2.Axborot – resurs markazning asosiy maqsad va vazifalari

2.1 Axborot – kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda professor-o‘qituvchilar, xizmatchilar va talabalarning muntazam bilim olishiga va mustaqil ravishda ta’lim olishiga ko‘maklashish.
2.2. Talabalar orasida milliy, ma’naviy – axloqiy qadriyatlarni keng targ‘ib qilish va iste’molchilarning madaniy – tarixiy merosimizdan baxramand bo‘lishini ta’minlash, ma’naviy boy va uyg‘un kamol topgan shaxsning ijodiy o‘sishi uchun imkoniyatlar yaratish.
2.3. Axborotlarga bo‘lgan talablarga muvofiq va ARM ma’lumotlar qidirish apparati tizimi orqali o‘z kitob fondidan va boshqa kutubxonalar fondidan ham keng foydalagan holda yangi axborot texnologiyalari asosida talab darajasida axborot xizmati ko‘rsatish.
2.4. Kutubxona – axborot madaniyatini tarbiyalash, foydalanuvchilarni axborot qidirishning zamonaviy metodlariga o‘qitish.
2.5. Kutubxona – axborot jarayonlarining zamonaviy texnologiyalarini va kompyuterlashtirishni joriy etish asosida ishlarni takomillashtirish.
2.6. Foydalanuvchilarning axborotga bo‘lgan ehtiyojlariga muvofiq axborot- kutubxona fondini shakllantirish. Ma’lumotlar qidirish apparatini, ma’lumotlar bazalarini, katalog va kartotekalarni tashkil etish va yuritish.
2.7. Universitetning boshqa tarkibiy bo‘limlari bilan hamkorlikda madaniy, ta’lim, axborot va boshqa dasturlar, loyihalar, aksiyalarni amalga oshirish, shuningdek foydalanuvchilarning hujjatlarga va axborotlarga ehtiyojlarini yanada to‘liq qondirish uchun A.Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Fanlar Universitetsi Asosiy kutubxonasi axborot-resurslaridan kutubxonalararo abonement tizimida foydalanishni yo‘lga qo‘yish.
2.8. Kutubxona xizmatlari ro‘yxatini kengaytirish, ARMni texnik jihozlash, kutubxona – axborot jarayonlarini kompyuterlashtirish asosida xizmatning sifatini oshirish.

3.Asosiy funksiyalari

3.1. ARMning barcha bo‘limlarida kitobxon bileti bo‘yicha talabalar turar joyidagi ko‘chma kutubxonada yakka tartibda va guruhlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatish usullarini qo‘llagan holda foydalanuvchilarga tabaqalashtirilgan xizmat ko‘rsatishni tashkil etadi.
3.2. Kafedralarda, tajriba xonalarida shakllantirilgan elektron axborot resurslarini to‘plash, tizimlash, kataloglashtirishni amalga oshiradi. Elektron katalog tuzish bibliografik axborotni taqdim etish va uzatishning halqaro formatlari (MARS formatlari) talablariga qatiy muvofiq holda olib boriladi.
ARM foydalanuvchilarning axborotlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida asl mavzuli elektron bazalarini yaratish yo‘li bilan universitet professor-o‘qituvchilari asarlarining elektron resurslarini shakllantiradi.
3.3. Foydalanuvchilarni asosiy kutubxona – axborot xizmatlari bilan bepul ta’minlaydi:
-kataloglar, kartotekalar tizimi va axborot byulletenlari, bibliografik sharxlar, kitob ko‘rgazmalari orqali kutubxona fondi, yangi kelayotgan hujjatlar to‘g‘risida to‘liq axborot beradi;
– matbaa asarlari va boshqa hujjatlarni qidirish va tanlashda maslahat yordami ko‘rsatadi;
– kutubxona fondlaridan hujjatlarni vaqtincha foydalanish uchun beradi;
– boshqa ARM, AKM va kutubxonalardan kutubxonalararo abonement orqali hujjatlar oladi va beradi;
– universitetning ilmiy va o‘quv ishlariga yordam sifatida bibliografik ko‘rsatkichlar, adabiyotlar ro‘yxatlari tuzadi; mavzuli, adresli va boshqa bibliografik ma’lumotlar tayyorlaydi; biblografik sharxlar o‘tkazadi; kitob ko‘rgazmalari tashkil qiladi;
– foydalanuvchilar, rahbariyat, professor–o‘kituvchilar tarkibi, ilmiy xodimlar va ilmiy izlanuvchilar magistrlar, talabalar axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlaydi, o‘rganadi va muntazam ravishda aniqlashtirib boradi.
3.4. Axborotlarni qidirib topish, ularni mustaqil ta’lim olishda, o‘quv jarayonida va ilmiy ishlarida qo‘llanish, kutubxonaning ma’lumotnoma-bibliografik apparatiga, axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalaridan foydalanish madaniyati va ko‘nikmalarini shakllantiradi.
3.5. Foydalanuvchilar uchun informatika, kutubxonashunoslik va bibliografiya asoslari bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil qiladi .
3.6. O‘quv rejalari hamda ilmiy tadqiqotlar mavzulariga mos holda fondni to‘ldirishni ta’minlaydi. O‘quv, ilmiy, davriy, ma’lumotnoma, badiiy adabiyotlar va boshqa turdagi nashrlarni sotib oladi.
3.7. Fondlarni to‘ldirish manbaalarini rektorat bilan kelishgan holda belgilaydi. ARM boshqa muassasa va tashkilotlar bilan, shuningdek zaruriyatga ko‘ra xorijiy mamlakatlarning kutubxonalari va tashkilotlari bilan xalqaro kitob ayirboshlashni amalga oshiradi.
3.8. Fondlarni to‘ldirish rejalariga tuzatishlar kiritish, universitet uchun adabiyotlar chiqarishni rejalashtirish hamda foydalanuvchining va fondlar tarkibining axborotga bo‘lgan ehtiyojlariga muvofiqlashtirish maqsadida kitobxonlar talabi qondirilishi darajasini o‘rganadi. Barcha toifadagi foydalanuvchilarning o‘quv va boshqa barcha turdagi adabiyotlar bilan ta’minlanganlik darajasini tahlil qiladi. Ilg‘or axborot – kutubxona texnologiyasini, tadqiqot ishlari natijalarini amaliyotga joriy etadi. Kitobxonlar qiziqishlarini o‘rganish maqsadida sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazadi.
3.9. Fondlarni hisobga olish va joylashtirishni amalga oshiradi, ularning saqlanishini, saqlash rejimini me’yoriy hujjatlar asosida olib boradi, elektron nusxasini olish va mikrofilmga ko‘chirishni ta’minlaydi.
3.10. Hujjatlarni hisobdan chiqarishni universitet rahbariyati bilan kelishilgan tartibda hamda amaldagi me’yoriy va xuquqiy hujjatlarga muvofiq hujjatlarni kutubxona fondidan chiqaradi.
3.11. Fondni bibliografik yoritish shakllari yordamida an’anaviy va elektron katalog va kartotekalar tizimini tashkil etadi.
3.12. Kitobxonlarga avtomatlashtirilgan rejimda tezkorlik bilan turli axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatish imkonini beradigan respublika yig‘ma kataloglarini, shu jumladan elektron kataloglarni tuzishda ishtirok etadi.
3.13. Boshqa AKM va ARMlar, ilmiy jamiyatlar, universitetning jamoat tashkilotlari, kafedralari bilan ijodiy va axborot munosabatini o‘rnatadi va rivojlantiradi.
3.14. Kutubxonalar, arxiv ma’lumotlari axborot bazalariga ega bo‘lgan boshqa korxonalar, muassasalar, tashkilotlar bilan amaldagi qonun hujjatlari, davlat dasturlari, shuningdek ular bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq o‘zaro hamkorlik qiladi.

4. Huquqlari

4.1. Nizomda ko‘rsatilgan maqsad va vazifalarga muvofiq o‘z faoliyatining mazmunini va aniq shakllarini mustaqil ravishda belgilaydi;
-foydalanuvchilarga noyob va qimmatli nashrlarni berishda, shuningdek ARMdan foydalanish qoidalarida belgilangan tartibda jarima summasini belgilaydi;
-O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga va ARMdan foydalanish qoidalariga muvofik foydalanuvchilar tomonidan ARMga etkazilgan zararni undirish turlari va mikdorlarini belgilaydi;
-yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar asosida ARMning kutubxona fondidan foydalanish shartlarini belgilaydi;
-universitetning o‘quv rejalari, ilmiy tadqiqot ishlari mavzulari bilan tanishish. Dekanatlar, kafedralar va boshqa bo‘limlardan ARM oldiga qo‘yilgan vazifalarni hal etish uchun zarur bo‘lgan materiallar va ma’lumotlarni olish;
-turli muassasalarda, tashkilotlarda ta’lim muassasasi nomidan vakillik qilish, kutubxona va axborot-bibliografik faoliyat masalalari bo‘yicha ilmiy konferensiyalar, yig‘ilishlar va seminarlar ishida bevosita qatnashadi;
-boshqa ARMlar, kutubxonalar, tashkilotlar bilan belgilangan tartibda yozishmalar olib boradi;
-amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda axborot kutubxona birlashmalariga kirishga harakat qiladi;
-axborot–kutubxona ishini rivojlantirishning davlat va mintaqaviy dasturlarini amalga oshirishda tanlov yoki boshqa asosda qatnashadi;
-xorijiy davlatlarning ARMlari, kutubxonalari, hamda boshqa muassasa va tashkilotlari bilan belgilangan tartibda hamkorlikni amalga oshiradi, shu jumladan, belgilangan tartibda halqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lib kiradi, halqaro kutubxonachilik va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etadi.
4.2. ARM fondining saqlanishi uchun javob beradi.
4.3. ARM o‘zining vakolatiga taalluqli funksiyalarning bajarilmagani uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
4.4. Kutubxona-axborot fondlariga zarar etkazishda aybdor bo‘lgan ARM xodimlari amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda javob beradilar.
4.5. ARM xodimlarining mehnat munosabatlari O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi.

5. Boshqarish. Tuzilmasi va shtatlari Moddiy -texnika ta’minotini boshqarish
5.1. ARMga rahbarlik direktor tomonidan amalga oshiriladi, direktor lavozimiga rektorat tomonidan mehnat shartnomasi bo‘yicha, oliy kasbiy ma’lumotga ega bo‘lgan va ixtisosligi bo‘yicha kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan mutaxassis tayinlanadi.
5.2. Kutubxona xodimlari 1 yil muddatga tuzilgan shartnoma asosida 2 oy sinov muddati bilan ishga qabul qilinadi. Nomutaxasis bo‘lgan xodimlarni qayta tayorlash kurslariga yuboriladi.
5.3. ARM huzurida maslahatlashuv organi sifatida boshqa ARM, AKM, kutubxonalar, universitetning ilmiy va o‘quv bo‘linmalari bilan kelishgan holda ish olib borish, ARM faoliyatini takomillashtirish maqsadida Kutubxona-axborot kengashi tashkil etiladi. Kengash tarkibi ARM direktori tavsiyasiga ko‘ra rektor tomonidan tasdiqlanadi.
Kitobxonlar kutubxona muassasi bilan kelishgan holda tashkil etiladigan homiylar kengashlari yoki kitobxonlarning boshqa birlashmalari faoliyatida qatnashadilar.
5.4. ARM o‘z faoliyati to‘g‘risida belgilangan tartibda hujjatlarni yuritadi hamda hisobotlarni, ish rejalarini va boshqa axborotlarni taqdim etadi.

Tuzilmasi va shtatlari

5.5. ARM tuzilmasi shu ARM uchun alohida ishlab chiqiladi va an’anaviy bo‘linmalar (abonement, o‘quv zallari va boshqalar)dan tashqari innovatsiya bo‘limlari, sho‘‘balar (avtomatlashtirish, marketing bo‘limlari va boshqalar)ni o‘z ichiga olishi mumkin.
5.6. ARMning boshqaruv va xizmat ko‘rsatish xodimlari soni ta’lim muassasalarining ARM Namunaviy shtati asosida, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan belgilangan namunaviy shtat jadvali asosida hamda ARM oldida turgan vazifalarni hisobga olgan holda, xizmat ko‘rsatiladigan professor-o‘qituvchilar va talabalar sonidan kelib chiqib, belgilangan tartibda shakllantiradi.

Moliya – xo‘jalik faoliyati

5.7. Universitet rahbariyati fondni to‘ldirishni, moliyalashtirishni, ARMni amaldagi me’yoriy xujjatlarga muvofiq zarur xizmat va ishlab chiqarish xonalari, elektron-hisoblash hamda nusxa ko‘chirish–ko‘paytirish texnikasi va tashkiliy texnika bilan kafolatli ta’minlaydi.
5.8. ARM ta’minoti uchun harajatlar universitetning umumiy harajatlar smetasida nazarda tutiladi.

6. ARMni qayta tashkil etish va tugatish

6.1. ARMni qayta tashkil etish va tugatish (qo‘shish, ajratish, ayirish, birlashtirish, qayta o‘zgartirish) O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi din ishlar bo‘yicha qo‘mita, hamda amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
6.2. ARMni qayta tashkil etishda barcha hujjatlar (boshqaruv, moliya- xo‘jalik hujjatlari, shaxsiy tarkib bo‘yicha hujjatlar va boshqalar), mol- mulk va fondlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda beriladi.

7. Fondni tekshirish

7.1. Nashrlar va hujjatlarning mavjudligini aniqlash uchun ARM jamg‘armalarining rejali tekshiruvi o‘tkazib boriladi. Bunda: 20 minggacha nusxali jamg‘arma – 3 yilda bir marotaba tekshiriladi; 50 minggacha nusxali – 5 yilda bir marotaba, 50 mingdan ziyod bo‘lsa – 10 yilda bir marotaba

8. Ushbu nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish

8.1. Ushbu Nizom matniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ARM rahbarining taklifiga ko‘ra yoki universitet Kengashining qaroriga asosan universitet rektori tomonidan amalga oshiriladi.

BARCHA KITOBLAR BIR JOYDA

TSTU Axborot-Resurs Markazi