Coworking markazi

                                                                   Toshkent davlat transport universiteti “Coworking” markazi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11-aprel kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. 

Mamlakatimizda 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 19 milliondan ortiq yoki aholining 55 foizini tashkil qiladi. Mehnat bozoriga har yili 600 ming yoshlar kirib kelayotgan bo‘lsa, kelgusi 10 yilda bu raqam 1 millionga yetadi. Shu bois yoshlarga sifatli taʼlim berish, kasb-hunarga o‘qitish va bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani aytib o‘tildi.

Bugungi kunda chet tilini o‘qitishga eʼtibor tufayli xususiy til markazlari soni 6 mingdan ortdi. Bugungi kunda 1,5 million yoshlarimiz bo‘sh vaqtini chet tilini o‘rganishga bag‘ishlamoqda. Shu munosabat bilan viloyat markazlarida, keyinchalik tumanlarda butun hafta kecha-kunduz ishlaydigan “Yoshlar sayilgohlari”ni tashkil etish topshirildi. Bu joylarda kibersport, sport va intellektual o‘yingohlar, karaoke klublari, teatr, moda podiumlari, book-kafe, coworkinglar va boshqa ko‘ngilochar joylar tashkil etilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, Toshkent davlat transport universiteti Vasiylik kengashi raisi A.J.Ramatov ishtirokida bo‘lib o‘tgan Toshkent davlat transport universiteti Vasiylik Kengashi yig‘ilishida Transport vaziri I.Maxkamov taʼlim sifatini oshirishga tasir qiladigan hamda talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil yetish uchun Universitet hududida Street Workout maydonchalari, Coworking markazlari, ilmiy-texnikaviy kutubxonalar hamda Book cafe, media va ovoz yozish studiyalarini tashkil yetishni taklif etdi.

Yuqorida qayd etilgan topshiriqlarga muvofiq universitet professor- o‘qituvchilari hamda talabalariga munosib sharoit yaratish, moddiy-texnik bazani rivojlantirish shuningdek innovatsion o‘quv jarayonlarini tashkil etish, universitetimiz tashabbuskor talabalarini ularning innovatsion hamda startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va amalga oshirish, biznes inkubatsiya, biznes akseleratsiya va coworking zanjiri orqali amalga oshirish hamda startaplar ekotizimini rivojlantirish maqsadida Toshkent davlat transport universiteti Axborot-resurs markazi qoshida yangi o‘quv yilida Coworking markazi tashkil etildi.

Yangi loyiha faoliyati yoki ilmiy ish bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan talabalar muqobil ofisga ega bo‘lib, u yerda talabalar o‘zlariga kerakli bo‘lgan adabiyotlar va ilmiy maqolalarni olish imkoniyati mavjud. Markaz zamonaviy mebellar, taqdimot uskunalari, doskalar va ish o‘rinlari bilan jihozlangan bo‘lib, bularning barchasi talaba yoshlarga qulaylik yaratishga xizmat qiladi. Bundan tashqari markazga so‘ngi rusumdagi kompyuterlar va internet tarmog‘i o‘rnatilgan.Ushbu imkoniyatdan foydalangan holda talabalar xorijiy ilmiy maqolalar va o‘z mutaxassisliklariga oid korxona tajribalarini o‘rganishlari mumkin.